Fuqarolarning nomida shaxsiy uy-joyi borligi yoki yo’qligi to’g’risidagi ma’lumotnoma olish

Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

1. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazlariga kelib yoki davlat organlari orqali murojaat etganda, uning so’rovnomasi Davlat xizmatlari markazlari yoki davlat organlari xodimi tomonidan to’ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlanganidan so’ng so’rovnoma real vaqt rejimida Markazga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so’rovnoma avtomatik tarzda Markazga yuboriladi.

2. Markaz so’rovnoma tushgan va to’lov amalga oshirilgan vaqtdan boshlab uch ish kuni mobaynida QR-kod (shtrixli kod) qo’yilgan ma’lumotnomani rasmiylashtiradi va Davlat xizmatlari markazlariga yoki davlat organlariga (o’zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoxud ariza beruvchiga (elektron shaklda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali yuboradi.

3. Davlat xizmatlari markazlari ma’lumotnoma kelib tushgandan so’ng real vaqt rejimida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Davlat xizmatlari markazlari xodimi ariza beruvchi o’zi kelib murojaat qilgan taqdirda, ariza beruvchining so’roviga ko’ra, unga ma’lumotnomani elektron shaklda yoki qog’oz shaklda berishi mumkin.

Ushbu xizmatning huquqiy asosi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentabrdagi “Kadastr sohasida ayrim davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to’g’risida”gi 535-son qarori hisoblanadi.

Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining quyidagi veb sayti: https://my.gov.uz/uz/service/115 orqali foydalanishingiz mumkin.