Eski na’munadagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi na’munadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish uchun ariza yuborish

Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1. Yagona portal orqali ariza beriladi va bank kassalari orqali to’lovni amalga oshiriladi;
2. Fuqarolik pasporti, eski haydovchilik guvohnomasi, talon va to’lovlar to’langanligi haqidagi kvitansiyaning asl nusxalari bilan tegishli Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyuriladi;
3. Guvohnoma uchun Davlat xizmatlari markazida rasmga tushish (yoki rasmni jismoniy shaxslarning ma’lumotlar bazasidan olish imkoni mavjud, ya’ni guvohnomaga fuqarolik pasportidagi rasm avtomatik tarzda joylashtiriladi);
4. Shaxsiy imzo qo’yiladi va yangi namunadagi guvohnoma olinadi.
Xizmat ko’rsatuvchi tashkilot:
O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar:
Eslatma! Yagona portal orqali ariza yuborganingizdan so’ng Davlat xizmatlari markazlariga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qilishingiz kerak:
1. Fuqarolik pasporti;
2. Eski haydovchilik guvohnomasi va talon;
3. Milliy haydovchilik guvohnomasini olish uchun to’lovlar to’langanligi haqidagi bank muassasasining to’lov qog’ozi.
Xizmat ko’rsatish muddati: Davlat xizmatlari markazida 30 daqiqada.
Xizmat narxi: bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi.
Ushbu xizmatning huquqiy asosi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 martdagi “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro’yxatdan o’tkazilganligi to’g’risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi 116-son qarori hisoblanadi.
Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining quyidagi veb sayti: https://my.gov.uz/uz/service/255 orqali foydalanishingiz mumkin.