Bojxona to’lovlarini kechiktirib yoki bo’lib-bo’lib to’lash imkoniyatini olish uchun murojat yuborish

Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

1. Qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchilar tovarlarni import qilishda qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo’lish uchun davlat bojxona xizmati organlariga ariza (qog’oz yoki elektron shaklda) hamda QQS to’lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjatni topshiradilar Norezidentlardan ish (xizmat)larni sotib olganda qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash muddatini uzaytirish imkoniyatiga ega bo’lish uchun davlat soliq xizmati organlariga ariza (qog’oz yoki elektron shaklda) topshiradilar.

2. Bojxona va soliq xizmati organlari Ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Nizom talablariga muvofiqligini ko’rib chiqadilar.

3. Bojxona va (yoki) soliq izmati organlari: 1). Taqdim etilgan hujjatlar Nizom talablariga muvofiq bo’lganda davlat bojxona (tovarlarni import qilishda) yoki soliq (norezidentlardan ishlar, xizmatlarni sotib olishda) xizmati organlari tomonidan qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash muddatini uzaytirish imkoniyatini berish yoki uni rad etish to’g’risida karor qabul qilinadi. 2). To’lov muddatini uzaytirish imkoniyatining berilishi rad etilgap taqdirda, ariza beruvchiga rad etish sabablari ko’rsatilgan holda yozma ravishda xabar beradilar. 3). To’lov muddatini uzaytirish imkoniyati berilgan taqdirda, uning summasi va tugash muddati ko’rsatiladi.

Xizmatni amalga oshiruvchi tashkilot:

O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi

Xizmatdan foydalanuvchilar:

Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar.

Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar:

QQS summasini to’lash bo’yicha yozma majburiyatni o’z ichiga olgan ariza; O’zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 47-bobiga muvofiq QQS to’lanishi ta’minlanishini tasdiqlovchi hujjat, yirik soliq to’lovchilar bo’yicha inspeksiyada hisobda turuvchi soliq to’lovchilar bundan mustasno.

Xizmatni ko’rsatish muddati: besh ish kuni mobaynida.

Xizmat narxi: QQSni to’lash muddatini uzaytirish imkoniyatining berilgan har bir kuni uchun to’lanadigan QQS summasidan O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, qayta moliyalashtirish stavkasining bir kun uchun qayta hisoblangan foizining ellik foizi miqdorida foizlar undiriladi.

Ushbu xizmatning huquqiy asosi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 fevraldagi “Tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni import qilishda qo’shilgan qiymat solig’i to’lovchilar uchun qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash muddatini uzaytirish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida” 76-son qarori hisoblanadi.

Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining quyidagi veb sayti: https://my.gov.uz/uz/service/365 orqali foydalanishingiz mumkin.