Avtomobil transportida yo’lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha tashishga litsenziya

Bu quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1. Ariza beruvchi litsenziya va litsenziya varaqalari olish uchun DXMga o’zi kelib murojaat qiladi yoki YaIDXPda ro’yxatdan o’tadi.
2.Ariza beruvchi ariza to’ldiradi va hujjatlarni ilova qiladi.
3.DXM yoki YaIDXP arizani hujjatlar bilan Transport vazirligiga yuboradi.
4. Bir ish kunida transport vazirligi ariza beruvchini litsenziya talab va shartlariga mosligini o’rganadi.
5. Bir ish kunida transport vazirligi ariza beruvchini litsenziya talab va shartlariga nomuvofiq deb topilgan taqdirda DXMga (o’zi kelib murojaat etgan taqdirda) yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali litsenziya berishni rad etish to’g’risida qabul qilgan qarori yuzasidan xabar yuboradi.
6. Uch oy mobaynida ariza beruvchi litsenziya / litsenziya varaqalari berish haqida qaror kelib tushgandan so’ng, litsenziya varaqalari berish uchun davlat boji to’lovlari amalga oshiradi.
7. Bir ish kunida transport vazirligi ijobiy qaror mavjudligi va litsenziya / litsenziya varaqalari berish uchun to’lovlar to’langanidan so’ng QR kod bilan himoyalangan litsenziya / litsenziya varaqalarini o’zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlab rasmiylashtiradi. Hamda litsenziya / litsenziya varaqalarini (o’zi kelib murojaat etgan taqdirda) DXMga yoki ariza beruvchiga (elektron tarzda murojaat etgan taqdirda) YaIDXP orqali yuboradi.
Xizmat ko’rsatuvchi tashkilot:
O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi.
Xizmatni ko’rsatish uchun kerak bo’ladigan hujjatlar:
a) yuridik shaxs uchun – yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs (yakka tartibdagi tadbirkor) uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda – familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportga hamda haydovchilik guvohnomasiga oid ma’lumotlar; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) ko’rsatilgan holda litsenziya berish to’g’risidagi so’rovnoma va/yoki litsenziya varaqalari olish uchun korxona ixtiyorida bo’lgan avtotransport vositalarining ro’yxati bilan birga avtotransport vositalarining mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi to’g’risidagi ma’lumotlar;
b) ariza beruvchida haydovchilarni tibbiy ko’rikdan va avtotransport vositalarini texnik ko’rikdan o’tkazish yoxud ariza beruvchining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko’rik va texnik ko’rikdan o’tish imkoniyati yaratib berilishi to’g’risidagi shartnomasi mavjudligi haqidagi ma’lumotlar.
Xizmat ko’rsatish muddati: 1 ish kuni mobaynida.
Xizmat narxi:
1. BHMning 90% (Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilinganda BHMning bir baravari);
2. Litsenziya varaqalarini berish uchun O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorlarda davlat boji.
Ushbu xizmatning huquqiy asosi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi “Avtomobil transportida yo’lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo’nalishlar bo’yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko’rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to’g’risida”gi 636-son qarori hisoblanadi.
Mazkur xizmatdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining quyidagi veb sayti: https://my.gov.uz/uz/service/308 orqali foydalanishingiz mumkin.