Bugungi kunda jamiyatimizning dolzarb muammolaridan biri bu er-xotin munosabatlariga oid tendensiyalar o’zgarib borayotganligidir. Shunday qabul qilinganki, oilada erkak oilaning toparmoni va boquvchisi, ayol – esa o’choq saqlovchisi, ona, uy bekasi. Ushbu keng tarqalgan hodisaga vaqt o’z tuzatishlarini kiritmoqda. Yigirmanchi asrning boshlarida, zaif jins vakillari erkaklar bilan bir xil ishni qila olishlarini isbotladilar. Ko’pgina oilalarda ayollar endi o’z erlaridan kam emas, hatto ko’p ham ko’p pul topishadi. Bu, o’z o’rnida erkaklarga ham taaluqli va ikki jinsning orasidagi farqlarga qaramay, o’xshashliklarni ham ko’rish mumkin. Ammo har bir jinsning rollari qanchalik aniq belgilanmagan bo’lsa, ongimizdagi ziddiyatlar shunchalik keskinlashadi.
Ayol ishlasa ham o’rtacha uy ishlarining uchdan ikki qismini bajaradi. O’tgan o’n yilliklar davomida yevropa juftliklari va oilalarida sheriklar va turmush o’rtoqlar o’rtasidagi mas’uliyat va rollarni taqsimlash o’zgargan: “erkak boquvchi” modeli hali ham hukmronlik qilmoqda, ammo biroz o’zgartirilgan shaklda. Yanada ko’proq onalar turmush o’rtoqlari bilan bir qatorda kasbiy faoliyat bilan shug’ullanmoqdalar.
Masalan, sharqda aksariyat bolalar otasi to’liq bandlik bilan ishlaydigan sharoitda o’sadi, onasi yoki umuman ishlamaydi, yoki yarim kunlik bandlik hamda haq to’lamaydigan ish – uy ishlari bilan mashg’ullikni birlashtiradi. Sotsiologlar buni “uy bekasining takomillashtirilgan modeli”, deb atashadi, chunki bunday yarim kunlik ish oilani boqishga qodir bo’lmagan daromad keltirishi bilan tavsiflanadi.
Ayol va erkak turini taqqoslaganda, odatda, ayollarda hissiyot, erkaklarda esa aql hukmronlik qilishi ta’kidlangan. Lekin bu tavsifni to’laqonli to’g’ri, deb bo’lmaydi. Pedagog va psixolog P.F.Kapterev ko’pgina tadqiqotchilarning fikrlariga qo’shilmay,[1] ayollarning intellektual faoliyatini past baholanishi va ularning ijtimoiy ahamiyatini faqat ona, rafiqa va uy bekasi rollari bilan cheklanmasligini ilgari surgan. U ayollarning aqliy manfaatlari erkaklarnikidan farq qilgan holda ayolning ongi boshqa turga kiradi va uni erkakning fikrlash turi bilan tenglashtirishga hojat yo’qligini ta’kidlagan.
Olimlarning fikriga ko’ra, ayollarning aqliy tuzilishining o’ziga xos xususiyatlariga ikkita asosiy sabab ta’sir qiladi: jismoniy turning o’ziga xosligi va ayollarning tarixiy pozitsiyasi, bu ayollarning jismoniy o’zini anglashi, shaxsiy zavq emas, balki umumiy sezgi va qaramlik ma’nosida muhabbat ehtiyojlari qondirilishida namoyon bo’ladi.
Ko’pincha, uy boshi roli aniqlanishi jins ko’rsatkichi bilan bog’liqdir. Ushbu stereotipga muvofiq ayollar uchun asosiy ijtimoiy-jinsiy rollar bu oilaga qaratilgan rollar (ona, o’qituvchi, uy bekasi) bo’lib, bu o’z o’rnida, undan qator vazifalarni bajarish majburiyatini talab etadi. Muvaffaqiyat ko’rsatkichlaridan kelib chiqqanda, erkaklarning muvaffaqiyati, uning kasbiy yutuqlari bilan, ayollarniki esa, – farzand dunyoga keltirishi, uy xo’jaligini yuritishning o’ziga xos xususiyatlari bilan baholanadi. Hozirgi zamon esa, bu stereotiplar o’z dolzarbligini yo’qotayotganini aks etmoqda.
Oilalarda rollarning taqsimlanishini g’arb va sharq mamlakatlari misolida tahlil qilish mumkin. Masalan, Shvesiyada turmush o’rtoqlar barcha xarajat va majburiyatlarni teng ravishda bo’lishadilar, Germaniyada, ayolning yarim kuni professional faoliyatiga, qolgani esa uy ishlari, bola tarbiyasi bilan shug’ullanishga qaratilgan. Xitoyda esa “Bo’lingan nikoh”[2] («Разделный брак») tendensiyasi mavjud bo’lib, unga ko’ra turmush o’rtoqlar kelishilgan tarzda bir-birlarini haftada bir necha marta ko’rishadi, farzandlarning biri otasi, ikkinchisi onasi bilan yashaydi. Bu oila modeli, avvalo, milliy xususiyatga ega bo’lib, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotidagi tez o’zgaruvchan sharoitlar, shuningdek, oilaviy urf-odatlar o’rtasidagi ziddiyatlarning kuchayishi va “bitta bola siyosati”ning oqibatlari bilan bog’liq.
Biroq, aksariyat Yevropa va Amerika davlatlarida sheriklik oilaviy modeli hukmron bo’lib, unda turmush o’rtoqlar o’zlarining oilaviy va ota-ona vazifalarini teng ravishda taqsimlaydilar. Oilada, ko’p daromad keltiruvchi turmush o’rtoq ishlaydi, hatto u ayol kishi bo’lsa ham. Xususan, er kamroq ish olib, uy ishlarini bajaradi hamda bolalarni tarbiyalash bilan ham shug’ullanadi.
Sheriklikda – tumush o’rtoqlar birga umumiy oilaviy masalalarni hal qiladi, kimning ishi va mansabi hozirgi paytda ustuvor ekanligi to’g’risida qaror qabul qiladi va bir-birining huquq va erkinliklarini buzmasdan, aksincha, uning rivojlanishiga imkon yaratadi. Bugun ayollarni yirik tashkilotlar, kompaniyalar yoki mamlakatlarning boshida ko’rish ajablanarli emas. Ish og’irligiga qaramay, ayollar oila va oilaviy qadriyatlarni unutmaydi. Ularning erlari o’z xotinlarining martabalari uchun murosaga kelishga tayyor, bundan tashqari, erkakning bola parvarishi uchun ta’til olishlari odatiy holga aylangan.
Alohida ta’kidlash joizki, xorijda, turmush o’rtoqlar munosabatlariga aralashuv – minimallashtirilgan. Ya’ni, oilaviy munosabatlarga ota-ona, qarindosh urug’lari, mahalla va tanishlar aralashmaydi. Yosh oila mustaqil qaror qabul qilishi, o’z muammolarini o’zi hal qilishi olqishlanadi.
Shuningdek, ushbu maqolada ayollar va erkaklar o’rtasidagi asosiy biopsixofiziologik tafovutlar hamda ularning kuchli tomonlari keltirilgan bo’lib, ushbu farqlarning zamonaviy oilada gender xususiyatlaridan kelib chiqqan holda turmush o’rtoqlar o’rtasidagi rollarning to’g’ri taqsimlanishiga hissa qo’shishi mumkin.
№ | Erkak | Ayol |
Biologik va fiziologik | ||
Dominantlik xususiyati | G’amxo’rlik xususiyati[1] | |
Nasl qolirish (urug’lantirish) | Reproduktiv xususiyatlar
(farzand dunyoga keltirish) |
|
Tibbiy salomatlik ko’rsatkichlari[2] yuqori | Nerv tizimining quvvati yuqoriroq | |
Jismoniy rivojlanganlik, mushaklar massasi yuqoriroq | Tana tuzilishi nozikroq, ammo bardoshli | |
Og’ir mehnatga layoqatlik | Yengil mehnatga layoqatlik | |
O’ng miya yarimsharligi faoliyati yuqoriroq | Chap miya yarimsharligi faoliyati yuqoriroq | |
Psixologik farqlar | ||
Pessimist | Optimist | |
Intellektual rigidlik (egiluvchanlik xususiyati past) | Intellektual egiluvchanlik | |
Stressga chidamlilik | Moslashuvchanlik | |
Faktlarga tayanish | Intuitsiya | |
Tashqi motivatsiya: tashqi omillar ta’sirida ma’lum bir harakatni amalga oshirishga o’zini majburlash yoki bilvosita istak | Ichki motivatsiya: ma’lum bir amal va harakatlarni bajarishda istak va iroda yuqoriligi | |
O’ziga ishonch, o’z ta’sir doirasiga yo’naltirish | Ishonuvchanlik, o’zgalar ta’sir doirasiga uchrash | |
Hazilkashlik | Suhbatdoshga o’z ta’sir doirasini aniqlash | |
Mustaqillik | Ota-ona, turmush o’rtoqqa tobelik | |
Qobiliyatlar darajasiga ko’ra farqlar | ||
Texnik fanlarni o’rganishda qobiliyatlar ko’rsatkichlari yuqoriroq | Abstrakt fanlarni o’rganishga qobiliyatlar ko’rsatkichlari yuqoriroq | |
Disleksiya va disgrafiya (o’qish va yozish jarayonlaridagi buzilishlar) | Verbal qobiliyatlar yuqoriligi: muloqot ravonligi, so’z boyligi, o’qish va o’zlashtirish | |
Axborot olishga yo’nalgan | Idrok etish, tafsilotlarga hamda ularning o’zgarishiga e’tiborlilik | |
Kuch talab etiladigan mehnat bilan bog’liq ishlarni bajarish | Texnik va uy ishlarni bajarish | |
Ijtimoiy sharoitlardagi farqlar | ||
Karera bilan shug’ullanishga sharoit va imkoniyatlar | Oila rivojiga yo’naltirilgan | |
Karera va oilaviy hayotni mujassamlash imkoniyati yuqori | Karera va oilaviy hayotni mujassamlash sharoitlari past. Kasbiy o’sishga nisbatan oila muhim | |
Jamiyat bilan muntazam integratsiya (ijtimoiylashuv) | Karera va ijtimoiy hayotda majburiy uzilish (kelinlik, homiladorlik, farzand parvarishi) | |
Iqtisodiy resurslardan keng foydalanish imkoniyati | Haq to’lanmaydigan ish faolyatini yetarli darajada baholanmasligi | |
Ish bilan ta’minlanish imkoniyatlari | Dikriminatsiya, stereotiplar bilan kurashish, ularning rahbarlik qobiliyatlariga shubhali nazarlarga duch kelish | |
Qaror qabul qilishda erkinlik | Qaror qabul qilishda teng imkoniyatlar yo’qligi | |
Rahbarlar tomonidan bosimga duchorlik | Ish faoliyati va oilaviy hayotida turli zo’ravonliklarga duch kelish |
Yuqorida aytilganlarning barchasidan xulosa qilish mumkinki, oilada rollarning o’zgarishi o’z-o’zidan paydo bo’ladigan hodisa emas. Jamiyatimizning ijtimoiy tuzilishidagi o’zgarishlar oilalarda ijtimoiy rollarning o’zgarishiga olib keldi. Jinslar o’rtasidagi xatti-harakatlarning tuzilishi o’zgarib, zamonaviy oilada gender munosabatlaridagi yangi tendensiyalar paydo bo’ldi. Albatta, vaziyatlar har xil va har bir vaziyatning natijasi ham turlicha. Ammo, shuni unutmaslik kerakki, ayol kishi, avvalambor, turmush o’rtog’i va farzandlari kabi g’amxo’rlik, himoya va muhabbatga muhtoj – ayoldir.
[1] Пол и гендер. Е.П.Ильин. 2009 г.; 688 стр. Электронный ресурс: http://maxima-library.org/component/maxlib/b/237394?format=read
[2] https://psy.wikireading.ru/61751
[1] Особенности женской психологии в трактовке П. Ф. Каптерева. Л.Э. Заварзина. Электронный журнал «Психологическая наука и образование» www.psyedu.ru
[2] https://republic.ru/posts/99151
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.