Bir tanishimning suhbat davomida burnini ushlash odati bor. Agar munozara qizisa yoki asablari taranglashib, holat unga qarshi bo’lsa, bu yanada sezilarli tus oladi. Bu haqda bilsa-da, o’zini ushbu holatda noqulay his qilsa-da, uni biror narsa bezovta qilsa yoki qiziqtirsa, o’zini boshqara olmaydi, qo’li o’z-o’zidan burniga tegadi.
Uning fikricha, bu odat go’daklikda boshlangan. U o’yin bilan mashg’ul bo’lib, ikki-uch yoshdagi ko’pgina bolalar kabi burnini kovlay boshlaganida ota-onasi: “Bunday qilma, aks holda, burun teshiklaring kattalashib ketadi”, – deya tengdoshlari oldida tortinmay koyishar edi. Shu zahoti u burnini ushlar va uning teshiklarini kichraytirishga harakat qilardi. Asta-sekinlik bilan bu odatga aylandi.
Shundan u oynaga ko’p qarar va burun teshiklarini, haqiqatan ham, boshqalarnikiga o’xshatmas, ularni bosib, ozgina bo’lsa ham kichraytirishga harakat qilardi. Bu odat umrbod saqlanib qoldi. Maktabga borganida bolalar buni tezda payqadilar va ustidan kula boshladilar. Bu kayfiyat unga shunchalik kuchli ta’sir qildiki, avvaliga bola o’zini past tutib, juda uyatchan bo’lib ulg’aydi.
Aslida, uning burun teshiklari umuman katta emas va yuzida alohida ajralib turmasdi. Bunday bo’lmagan holatda ham, men o’z farzandining kamchiligini oshkor qiluvchi ota-onaning shafqatsizligini tushuna olmayman.
Bunday holatlar kam emas. Ko’pgina ota-onalar farzandlari kamchiligini begonalar oldida muhokama qiladilar va: “Bolalar hech narsa tushunmaydi”, – deb o’ylaydilar. Ammo kamchilik qanchalik kichik bo’lmasin, uni ko’pchilik oldida oshkor etish bolaga qanday zarar yetkazishini hech qachon taxmin qilib bo’lmaydi.
Masalan, yoshligida qo’ng’iroq sochlari sababli tez-tez odamlar oldida izza qilingan bola katta bo’lganida bosh kiyimini negadir tez-tez yo’qotib qo’yardi. “Bosh kiyimni kiymasa bo’lmaydi” degan tushuncha va o’y juda yoshligidan yuragida chuqur iz qoldirgan. Unda “Bosh kiyimni kiymasam, qo’ng’iroq sochim atrofdagilarga tegib ketadi” degan kutilmagan his uyg’ongan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.