Bir yaxshi, rostgo’y ota-onaning besh va to’rt yoshdagi ikki o’g’li bor edi. Bog’chada kichigini hamma to’g’riligi va xushchaqchaqligi uchun yaxshi ko’rar, kattasini esa yoqtirishmas, chunki u xo’mraygan va yomon odatlardan mustasno emas edi. Ota-ona bundan tashvishlanishar va sababini tushunishmasdi.
Oxir-oqibat tushkunlikka tushib, shifokorga murojaat qilishdi. Uzoq suhbatlardan so’ng aniqlandiki, katta o’g’il bir yosh bo’lganida olti oy mobaynida uni yosh enaga boqqan. Chunki onasi ikkinchi farzandini tug’gandan so’ng o’zini juda yomon his qilgan.
Shifokorning taxmin qilishicha, bolaning hozirgi holati go’daklikdagi taassurotlari bilan bog’liq bo’lib, ehtimol, avvalroq boshdan kechirgan hodisalari sabablidir. U enaga va bolaning yoshligi haqida gapirib berishi mumkin bo’lgan boshqa odamlar bilan uchrashdi. Aniqlandiki enaga (yosh qiz) bola bilan sayr qilish o’rniga yigiti bilan eski, qorong’i otxonada uchrashgan va bola ham o’sha uchrashuvlarga guvoh bo’lgan. Bu holat har kuni taxminan ikki soat davom etgan. Albatta, bir yoshlik bola enaga va uning yigiti nima qilayotganini tushunmagan, ammo u bir o’zi qolib, qorong’i burchakdan kelayotgan shivir-shivirlarni eshitgan, bu tovush uning qalbini ishonchsizlik va qo’rqinch bilan to’ldirgan. Qizning xavotirli xulq-atvori va aybdorlik hissi ham uning ongida iz qoldirgan.
Shifokor xulosasiga ko’ra, bolaning aynan ushbu go’daklikdagi taassurotlari uni g’amgin va jizzaki qilgan. Tabiiyki, hayotiy shart-sharoitlar ota-onani o’z farzandini boshqa odamlar qaramog’ida qoldirishga majbur etadi. Ammo, umid qilamanki, bu hodisa farzandingizni kimningdir qaramog’iga ishonib qoldirishda ehtiyotkorlik bilan yondashishingiz zarur ekanligiga ishontirdi.
Go’daklikdagi taassurotlar bolaning kelajakdagi fikrlash va harakatlanish tarzini belgilaydi
Agar sizdan go’daklikdagi biror hodisani aytib berish so’ralsa, deyarli hech narsani eslay olmasligingizni tushunasiz, faqatgina istisno sifatida biror-bir g’ayrioddiy hodisani eslashingiz mumkin, xolos. Ikki-uch yoshingizdagi biror hodisani xotiraga keltirsangiz ham, uni o’z shaxsiy tajribangizdan emas, balki onangiz va boshqa kattalarning hikoyalari orqali eslab qolgansiz.
Biroq inson bolaligidan boshidan kechirgan barcha narsani eslay olmasligi uni butunlay unutishini anglatmaydi. Uch yoshgacha olingan biror-bir taassurot yoki tajriba shakllangan shaxs asosining bir qismi hisoblanadi.
Aytishlaricha, gipnozda istalgan shaxs, agar u bir yosh ekanligiga ishontirilsa, bir yoshidagi harakatlarini qiladi va bir yoshida aytgan so’zlarini qaytaradi. Buning ma’nosi shuki, yoshlikdagi har bir taassurot ongda doimo saqlanib qoladi.
Ta’kidlashlaricha, inson og’ir holatga olib kelinsa, u to’satdan yoshlikdagi holatlarni eslay boshlaydi.
Mashhur siyosiy arbob Kukuey Manaka: “Urush vaqtida gospitalda o’lim bilan olishib yotganimda yoshlikdagi xotiralar to’satdan ko’z oldimga keldi, – deya hikoya qiladi. – Onam meni ibodatxonayta olib borganini, darvoza yonida turgan rohibni, uning yuzini, kiyimini, so’zlashishini barcha tafsilotlari bilan esladim”. So’ng u bu “xayol” haqida onasiga aytib bergan. Buni qarangki, haqiqatan ham, ikki yoshligida shunday voqea sodir bo’lgan ekan.
Nikko tadqiqot markazi prezidenti janob Morialsu Minato Xitoyda tug’ilgan va u yerda yoshligini o’tkazgan. Oilasi Yaponiyaga ko’chgach, u xitoy tilida boshqa gaplashmagan va: “Tilni unutganman”, – deb o’ylagan. Ko’p yillardan so’ng Xitoyga xizmat safari bilan boradi. Moriatsu Minato biror narsa aytishga harakat qilganida kutilmaganda xitoy so’zlari xayoliga tinimsiz kela boshlaydi. Nutqi mutlaqo odatiy bo’lib, shu qadar erkin so’zlashadiki, bu holat o’zini va xitoylik hamkasblarini hayron qoldiradi. Bu yoshlikdagi tajriba miyada muhrlanib qolishini yana bir bor tasdiqlaydi.
Boshidan mustahkam asos (fundament) qo’yilmasdan mustahkam imorat qurishga harakat qilish behuda ketadi: bu bino tashqaridan chiroyli ko’rinsa-da, baribir, kuchli shamol yoki zilzila ta’sirida nuraydi, qulaydi.
Erta rivojlanish ham shunday asosdir. Uni boshidan baquvvat qilish kerak. Chunki bino tayyor bo’lganidan so’ng unga asos (fundament) qurishning imkoni yo’q.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.