Shu paytga qadar men tashqi muhitning bolaning kelajak hayotidagi ahamiyati haqida gapirdim. Ko’pgina oilalarda, shu jumladan, yapon xonadonlarida ham aynan ona bolalar tarbiyasi uchun ma’suliyatni o’z bo’yniga oladi. Ammo men aytmoqchi bo’lgan masala yosh bolalar tarbiyasi bilan shug’ullanuvchi har bir insonga taalluqli. Avvalambor, ona, albatta, bolaning qaysi rivojlanish bosqichida ekanligini inobatga olgan holda butun e’tiborini va tashabbuskorligini bola tarbiyasiga qaratishi kerak. Men ochiq-oydin taklif qilayotgan maslahatlarni har bir ona tavsiya deb bilib, bolaning fe’l-atvoriga va kamolga yetish bosqichiga mos ravishda tanlab, o’z qarorini chiqarishi hamda takliflarni o’z ixtiyoriga ko’ra qabul etish-etmasliklari mumkin.
Har safar bolani yaxshi musiqa va rasmlar bilan tanishtirishni tavsiya etganimda talabchan onalar “yaxshi” musiqa va “haqiqiy” rasm deganda nimani nazarda tutishimni so’raydilar. Betxovenmi yoki Motsart? Van Gogmi yoki Pikasso? Albatta, ba’zida biz mutaxassislar bilan maslahatlashgandan so’ng aniq tavsiyalar beramiz.
Biroq ota-onalar bizning tavsiyalarni bolaning xususiyatlaridan kelib chiqib moslashtirishlari, o’zgarmas qoida sifatida qabul qilmasliklari lozim. Yaponlar qoida sifatida tayyor andazalarni qidiradilar: ular o’zlarini aniq bir sharoitda qanday tutish kerakligini aytmaguncha ishonch hosil qilmaydilar. Ammo tarbiyada, ayniqsa, go’daklikdagi tarbiyada tayyor formulalar bo’lishi mumkin emas. Agar ona o’z bolasi uchun biror narsa yaxshi deb o’ylasa, ushbu narsani go’dakka kechiktirmasdan berishi kerak.
Tayyor formulalarni kutish yapon tarbiyasining jiddiy kamchiligidir. Masalan, agar bola to’rt yoshda bo’lsa, u bog’chaga boradi, agar olti yosh bo’lsa, maktabga qatnaydi. Faqat bolalar yoshiga tayanib, umumqabul qilingan an’ana asosidagi bu tizim bolaning shaxsiy rivojlanish bosqichini chetlab o’tishi mumkin. Yaponiyada ta’lim har bir yosh uchun belgilangan dasturga asoslangan. Bog’chada rasmlar chizish va sanash, boshlang’ich maktab birinchi sinfida harf, ikkinchi sinfida iyeroglif o’rgatiladi degan fikrlash holati belgilangan dasturlardan biridir. Erta rivojlanishda ham xuddi shunday aniq ko’rsatmalar berilmasa, uni hech kim sinab ko’rishni istamaydi. Mening fikrimcha, bunday tayyor qoida va me’yorlarga doim shubha bilan qaramoq zarur.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.