Koʻpdan beri koʻrishmagan ikki yashar nabiram mening uyimga mehmonga kelgan paytdagi bir voqeani eslayman. U oynaga qaradi va menga yangi osilgan neon lampa bilan yoritilgan viveskani koʻrsatdi-da, gʻurur bilan: “Bu “Xitachi, bu esa “Toshiba”, – dedi. Oʻz zavqimni yashirishga harakat qilib, ikki yoshdagi nabiram xitoycha iyerogliflar sanalmish “Xitachi” va “Toshiba”ni oʻqiydi deb oʻyladim. Uning onasidan qachon xitoy alifbosini oʻrganganini soʻradim. Aniq boʻldiki, u xitoycha “Xitachi” va “Toshiba”ni oʻqigan emas, balki savdo belgilarini shakllar sifatida eslab qolib ajrata olgan. Hamma: “Sodda, suyukli bobo”, – deb ustimdan kuldi, ammo, ishonchim komilki, bu koʻpchilikda boʻladi.
Yaqinda mening erta rivojlanish haqidagi bir qator maqolalarimni haftalik jurnalda oʻqigan fudjisavalik 28 yoshli onadan xat oldim. Uning xatidan bildimki, ayolning 2,5 yoshlik katta oʻgʻli avtomashina rusumlarini ikki yoshligida eslab qolishni boshlagan. Ikki-uch oy ichida osonlik bilan taxminan 40 ta ham yapon, ham xorijiy rusumdagi avtomashinalarning nomini, ba’zida gʻilofda turgan avtomashina rusumini ham ayta olgan. Biroz oldinroq, “Ekspo-70” telekoʻrsatuvi ta’sirida boʻlsa kerak, turli mamlakatlarning bayroqlarini yodlashni boshlagan va 30 ta mamlakatning bayrogʻini tanigan hamda aytib bergan. Hattoki katta odamlar ham qiyinchilik bilan eslab qoladigan Mongoliya, Panama, Livan bayroqlarini ham tanigan va toʻgʻri nomlay olgan. Bu misol bolalarda kattalarda yoʻq bir sifat borligini anglatadi.
Yosh bolaga qiyofa (shakl)ga qarab narsalarni tanish qobiliyati berilgan va bu tahlil qilish bilan bogʻliq emas, buni bola kechroq oʻrganadi. Bu farazni tasdiqlovchi yorqin misol chaqaloq oʻz onasining yuzini taniy olish qobiliyatidir. Koʻp chaqaloqlar, begona odam ularni oʻz qoliga olsa, yigʻlashni boshlaydi va oʻz onasi qoʻlida tinchlanadi, kuladi. Onasining mehrini sezishidan tashqari chaqaloq uning qoʻlida koʻtarish usulini ham bir namuna sifatida esda saqlab qoladi. Tajriba sifatida janob Isao Ishii “Yaponiya erta rivojlanish uyushmasi”da xitoy yozuvi darslarini oʻtib berdi. Uch yoshlik bolalar “kaptar” va “jirafa” kabi murakkab xitoy iyerogliflarini osongina yodlab oldilar. Gap shundaki, yuzdagi hatto kichik oʻzgarishlarni ham hech qiyinchiliksiz yodda qoldiradigan bola uchun xitoy iyerogliflarini eslab qolish murakkablik tugʻdirmaydi. Mavhum soʻzlardan koʻra, masalan, “toʻqqiz” kabi, bola uchun qanchalik qiyin bolmasin, “jiraf’, “tulki” kabi aniq bir narsani bildiruvchi soʻzlarni yodlash osonroq. Shuning uchun ham yosh bola katta odamni qartada yutishi ajablanarli hol emas. Agar katta odam joy, sana va rasmni ongli ravishda eslashi zarur boʻlsa, yosh bolada ajoyib ramziy xotira mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.