Bir yoshgacha bo‘lgan chaqaloqlarning uyqu sifati buzilishiga quyidagi omillar sabab bo‘lishi mumkin:
💠 Noto‘g‘ri ovqatlantirish.
Bola “talabga qarab” ovqatlantirilishi kerak. Chunki bola tez-tez ochiqishi va ochligidan uxlay olmasligi mumkin. “Talabga qarab” ovqatlantirilgan sakkiz yoshli bolalarning aqliy rivojlanishi va maktabda darslarni o‘zlashtirishi yaxshiroq ekanligi aniqlangan. Ba’zi bolalar qorong‘idan qo‘rqqanlaridan uxlay olmaydi, ba’zilari onasini qo‘yib yuborgisi kelmaydi.
💠 Burundan nafas olishning buzilishi.
Burundan ajraladigan ajralmalar, quruq havo, shuningdek turli kasalliklar (kattalashgan ayrisimon bez, bronxospazmga olib keladigan refluks, burun-halqumning infeksion va allergik kasalliklari), tanglayning rivojlanmay qolishi singari holatlar chaqaloqning burundan erkin nafas olishiga halaqit beradi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar ulg‘aygani sayin burun yo‘llari kengaya boradi. Bordiyu ulardagi tug‘ma nuqsonlar (burun yo‘llarining tug‘ma torligi) uyqu buzilishlariga olib kelsa go‘daklarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish zarur bo‘ladi.
💠 D3 vitamini tanqisligi.
Bola hech bir asoratlarsiz dunyoga kelib, ishtahasi doimo yaxshi bo‘lsayu 2-3 oy mobaynida, ayniqsa qishda yaxshi uxlamasa D3 vitamini yetishmovchiligi ro‘y bergani ehtimoldan holi yemas. Bu vitamin yetishmaganda oyoq tagi va kaft nam bo‘lib turadi. D3 tanqisligi ko‘proq 6 oylikkacha bo‘lgan bolalarda kuzatiladi. Organizmda D3 vitamini ishlab chiqarilishi uchun quyosh nurlari kerak. Shu sababli, havo yaxshi bo‘lganda go‘dakni sayrga olib chiqib turish lozim.
💠 Laktoza yetishmovchiligi.
Ko‘krak suti tarkibidagi laktoza temir va kalsiy so‘rilishini ta’minlaydi, foydali ichak mikroflorasi hosil bo‘lishini rag‘batlantiradi. Lekin ba’zi go‘daklar organizmida sut qandi to‘liq parchalanmasligi oqibatida ichak sanchiqlari, sutni qayt qilib tashlash va qorin dam bo‘lishi kuzatiladi. Bu noqulayliklar esa o‘z navbatida uyqu sifatiga salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi.
💠 Moro refleksi.
Bu harakat refleksidir, ya’ni shovqin bo‘lganda, holat tez o‘zgartirilganda bola qo‘li va oyoqlarini yoyib, so‘ng yana asli holatiga qaytaradi. Agar bola uxlayotganda birdaniga qo‘llarini yoyib yuborsa uyg‘onib ketishi mumkin. Bu muammoni “uya” shaklidagi maxsus yostiq bilan yengish mumkin. Bunday yostiqda uxlaganda bola o‘zini yaxshi his etadi, yostiqning yumshoq chetlari esa bolaning qo‘li yoyilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Agar bola bexos shovqindan seskansa, uyquga ketayotgan va uyqudan uyg‘onayotgan vaqt cho‘chisa, bu tabiiy holat hisoblanadi. Biroq bola yarim tunda seskana boshlasa, bu holat 2-3 yoki ketma-ket 5-6 marta takrorlansa, nevropatolog maslahati kerak bo‘ladi. Agar Moro refleksi 5 oydan so‘ng ham kuzatilsa, bolani nevrologga ko‘rsatish zarur. Bola asab tizimi xaddan tashqari qo‘zg‘aluvchan bo‘lishi mumkin.
💠 Posttonik refleksi.
Odatda chaqaloq olti oylikdan boshlab o‘tiradi, turishga intiladi. Ba’zida o‘tirish va turish istagi kuchliligidan chaqaloq uxlayotganida ham uning bosh miyasida o‘tirish yoki turishga undovchi “signal” yuzaga kelishi mumkin. Natijada bola uxlagan ko‘yi o‘tirishi yoki tik turishi va uyg‘onib ketishi mumkin. Bunday vaqtda bolani tinchlantirib joyiga yotqizish kerak.
💠 Suyuqlik ichish tartibining buzilishi.
6 oydan oshgan bolalar 6 soatgacha ovqat va suyuqliksiz o‘zlarini yaxshi his etadilar. Shu sababli ularni kechasi ovqatlantirmaslik va suyuqlik bermaslik lozim. Aks holda, bolaning oshqozon-ichak yo‘li va buyraklari dam olmaydi, bu esa uyqu sifatiga ta’sir qiladi, bola tiniqib uxlamaydi.
💠 Barcha somatik kasalliklar.
Teridagi o‘zgarishlar, dermatit, qorindagi og‘riqlar, o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI), o‘tkir respirator kasalliklar (O‘RK) va boshqa asab tizimiga aloqador bo‘lmagan kasalliklar ham uyquning buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi huzuridagi «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti
Portalda eʼlon qilingan materiallardan nusxa koʻchirish, tarqatish va boshqa shakllarda foydalanish faqat tahririyat yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin.